O‘zdavyerloyiha institutida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqining mazmun-mohiyatini keng targ‘ib etish, unda ilgari surilgan ustuvor g‘oyalar va muhim vazifalarni xodimlar o‘rtasida tushuntirishga bag‘ishlangan targ‘ibot tadbiri tashkil etildi.
Tadbirda mamlakatimiz mustaqilligining tarixiy ahamiyati, istiqlol yillarida barcha sohalarda erishilgan natijalar, xalqimizning bunyodkorlik salohiyati hamda Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida so‘z yuritildi.
Ta’kidlanganidek, davlat mustaqilligi xalqimizning o‘z taqdirini o‘zi belgilash, milliy manfaatlarni ta’minlash, iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotning ustuvor yo‘nalishlarini mustaqil belgilash imkonini bergan ulkan tarixiy qadriyatdir. Mustaqillik yillarida mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzi va mavqeyi mustahkamlanib, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida tub o‘zgarishlar amalga oshirildi.
Shuningdek, davlatimiz rahbarining nutqida belgilangan maqsad va vazifalar, mamlakat taraqqiyotini yangi bosqichga olib chiqish, aholi farovonligini oshirish, inson manfaatlarini ta’minlash, yoshlar uchun keng imkoniyatlar yaratish hamda jamiyatda vatanparvarlik va daxldorlik tuyg‘ularini mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbir davomida O‘zdavyerloyiha institutining mamlakatimizda yer resurslaridan oqilona va samarali foydalanishni tashkil etish, yer tuzish, yer monitoringi, tuproq tadqiqotlari hamda yer resurslari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni shakllantirish va raqamlashtirish yo‘nalishlaridagi faoliyati ham muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.
Xususan, yer resurslarini ilmiy asosda o‘rganish, yerlarning holatini baholash, zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish va sohaga oid ma’lumotlarning aniqligi hamda ishonchliligini ta’minlash mamlakatimiz qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, yer resurslaridan samarali foydalanish va barqaror taraqqiyotga erishishda muhim o‘rin tutadi.
Shu nuqtayi nazardan, institut xodimlarining o‘z xizmat vazifalariga mas’uliyat bilan yondashishi, kasbiy bilim va malakasini muntazam oshirib borishi, zamonaviy yondashuv va innovatsion yechimlarni faol qo‘llashi hamda mamlakatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishi zarurligi ta’kidlandi.
Tadbir yakunida davlatimiz mustaqilligining 35 yilligi nafaqat tarixiy taraqqiyot yo‘limizni sarhisob qilish, balki kelajakdagi ustuvor vazifalarni belgilash, erishilgan yutuqlarni mustahkamlash va yangi marralar sari intilish uchun ham muhim ahamiyatga ega ekani qayd etildi.
