Sayt test rejimida ishlamoqda...

21-oktabr — O'zbek tili bayrami kuni munosabati bilan Qishloq xo'jaligi vaziri tabrigi

Tadbirlar   2025-10-21   Aziza Mingbaeva

Bugun 21-oktabr — O'zbek tili bayrami kuni. Avvalo, bugungi qutlug‘ ayyom – O‘zbek tili bayrami bilan sizlarni chin qalbimdan tabriklayman. 


Inson uchun kindik qoni tomgan Vatani, dunyoga keltirib voyaga yetkazgan ota-onasi qanchalik aziz va mukarram bo‘lsa, uning o‘zligi va ma’naviy olamini belgilaydigan ona tili ham shunchalik qadrli va mo‘tabardir.

Xalqimiz tafakkurining tiniq ko‘zgusi bo‘lgan bu bebaho xazinani asrab-avaylash va rivojlantirish bugungi kundagi eng sharafli vazifalarimizdan biridir. 

O‘zbek tili – xalqimizning birligi va yaxlitligi, jipsligining muhim omili hisoblanadi. Milliy madaniyatimiz va o‘ziga xosligimizni ifoda etuvchi vosita bo‘lmish o‘zbek tilining har tomonlama rivojlanishini ta’minlash, mazkur tilning davlat tili maqomidek salohiyatini izchil va to‘liq ro‘yobga chiqarish muhim vazifadir.

Qishloq xo‘jaligi sohasida ham o‘zbek tilining nufuzini mustahkamlash, davlat tilida ish yuritishni samarali tashkil qilish hamda qonun hujjatlariga so‘zsiz rioya etilishiga erishish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda. Ona tilimizning xalqaro miqyosdagi obro‘-eʼtiborini yuksaltirishda, uni milliy va umumbashariy tushunchalar asosida taraqqiy etgan tillar safiga qo‘shishda har birimiz tilimizga chuqur hurmat bilan yondashishimiz lozim.

O‘zbek tili — O‘zbekiston tili! Davlat sifatida uni himoya qiladigan, taraqqiyotini, qonuniy asoslarini to‘liq ta’minlaydigan ham mana shu Vatan!


Bu bizga yanada vatan tuyg‘usini jo‘sh urdiradi va tilimizga bo‘lgan mehr-muhabbatni kuchaytiradi. Shu o‘rinda aytish joizki, o‘zbek tili o‘tgan yillar davomida mamlakatimizdagi yuzdan ortiq millat va elat vakillarini o‘zaro bog‘laydigan mehr-oqibat tiliga aylandi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.


Yana bir bor barchangizni ushbu ayyom bilan samimiy qutlayman.


Hurmat bilan, Ibrohim Abdurahmonov