Sayt test rejimida ishlamoqda...

DEHQON XO‘JALIKLARI TASHKIL ETISHNI QO‘LLAB-QUVVATLASH ORQALI AHOLI DAROMADLARINI OSHIRISH BO‘YICHA QO‘SHIMCHA CHORA-TADBIRLAR TO‘G‘RISIDA

Huquqiy axborot   2023-02-02   Aziza Mingbaeva

2023 — 2025-yillarda 120 ming gektar ekin maydonlarini aholiga ochiq elektron tanlov orqali ijaraga berish belgilangan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda fermer xo‘jaliklari va klasterlar foydalanishidagi paxta va g‘alladan qisqartirilgan hamda aholi punktlariga yaqin va suv ta’minoti yaxshi bo‘lgan yerlardan 2023-yilda 95 169 gektar ekin maydonlari aholiga ochiq elektron tanlov orqali ijaraga beriladi.

Bunda:

ekin maydonlari fuqarolarga 30 yil muddatga:

suv ta’minoti yaxshi bo‘lgan yerlardan — Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida 0,15 gektardan 1 gektargacha, boshqa viloyatlarda 0,30 gektardan 1 gektargacha hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida 0,30 gektardan 2 gektargacha bo‘lgan o‘lchamlarda;

kam suvli yerlardan — viloyatlarda 0,50 gektardan 1 gektargacha hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida 0,50 gektardan 2 gektargacha bo‘lgan o‘lchamlarda ijaraga beriladi;

2022-2023-yillarda dehqon xo‘jaligi yuritish maqsadida ekin maydonlarini aholiga berish uchun tashkil etiladigan ochiq elektron tanlovda 1 nafar talabgor ishtirok etgan taqdirda, istisno tariqasida, tanlov o‘tkazilgan hisoblanadi;

issiqxona tarmog‘i keng rivojlangan tumanlarda dehqon xo‘jaliklariga ajratib berilgan ekin maydonlarida isitish tizimlarini o‘rnatmagan holda yengil konstruksiyali issiqxonalar qurilishiga ruxsat beriladi.