Sayt test rejimida ishlamoqda...

O‘zbekiston-Malayziya: qishloq xo‘jaligida yangi hamkorlik aloqalari yo'lga qo'yilmoqda

Xalqaro hamkorlik   2025-09-20   Aziza Mingbaeva

Ayni kunlarda Malayziya davlatida xizmat safari bilan bo‘lib turgan O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi mas’ullari bir qator nufuzli tashkilot va kompaniyalar bilan uchrashuvlar o‘tkazib, qishloq xo‘jaligida innovatsiyalar, savdo aloqalari va kadrlar tayyorlash bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishdilar.


Avvalo, delegatsiya Malayziyaning “Meraque” kompaniyasi rahbarlari bilan muzokaralar olib bordi. Uchrashuv chog‘ida o‘zbekistonlik talabalar, yosh olimlar va muhandislarga dron texnologiyalarini chuqur o‘rgatish bo‘yicha o‘quv dasturlarini yo‘lga qo‘yish kelishib olindi. Shuningdek, yaqin kunlarda kompaniya tomonidan dronlar va AGV (Autonomous Ground Vehicle) turkumidagi texnologiyalar O‘zbekistonga olib kelinib, mahalliy fermerlarga amaliy tarzda namoyish etilishi rejalashtirilgan. Bu tashabbus mamlakatimiz qishloq xo‘jaligida raqamli yechimlarni keng joriy etish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.


Delegatsiya, shuningdek, Malayziya Federatsiya qishloq bozorlari agentligi (FAMA) vakillari bilan uchrashdi. Muloqotda O‘zbekistondan meva-sabzavot, poliz mahsulotlari, quritilgan mevalar va tayyor oziq-ovqat mahsulotlarini Malayziyaga eksport qilish imkoniyatlari muhokama qilindi. FAMA rahbarlari ushbu yo‘nalishda hamkorlikni mustahkamlashga tayyor ekanini bildirdilar. Tomonlar anglashuv memorandumi loyihasini ko‘rib chiqib, uni tez orada imzolashga kelishib oldilar.


Shuningdek, “Bounty Group” kompaniyasi bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralarda akvakultura va parrandachilik yo‘nalishida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Dastlabki tashabbuslar pilot loyiha sifatida O‘zbekistonda sinov tariqasida joriy etilishi rejalashtirilmoqda.


Malayziya Kauchukni rivojlantirish korporatsiyasi (MRC) bilan uchrashuv esa qishloq xo‘jaligida yangi istiqbollarni ochdi. Muzokaralarda O‘zbekistonda kauchuk yetishtirish imkoniyatlari, ilmiy-tadqiqot hamkorligi va mutaxassislar almashinuvi masalalari muhokama qilindi. Toshkent davlat agrar universiteti va Malayziyaning tegishli oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolash bo‘yicha kelishuvga erishildi.


Delegatsiyaning keyingi uchrashuvi Malayziyaning nufuzli MARA (Majlis Amanah Rakyat) tashkiloti bilan bo‘ldi. Tomonlar qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish, innovatsion loyihalarni amalga oshirish, axborot texnologiyalarini keng joriy etish va yuqori malakali kadrlar tayyorlash masalalarini muhokama qildilar. Xususan, qo‘shma o‘quv dasturlarini yaratish, talabalar va mutaxassislar almashinuvi bo‘yicha kelishuvga erishildi. MARA vakillari bu yil oxirigacha O‘zbekistonga amaliy tashrif bilan kelishini ma’lum qildi.