Sayt test rejimida ishlamoqda...

Qishloq xo'jaligi ekin maydonlari unumdorligi oshiriladi

Huquqiy axborot   2025-02-19   Aziza Mingbaeva

Farmonga ko'ra, qishloq xo'jaligiga mo'ljallangan yer uchastkalarini ajratishda, tajriba-sinov tariqasida, ijaraga oluvchilarning mustaqilligi va yuqori qo'shilgan qiymatga ega ekinlar yetishtirishga asoslangan yangi tizim yaratiladi

Yangi tizim doirasida:

·       yer uchastkalari konturlar yaxlitligi va sug'orish tizimini buzmagan holda 3 gektardan 50 gektargacha bo'lgan o'lchamlarda “E-auksion”da savdolarga chiqariladi;

·       elektron onlayn auksion savdolarida yashash joyidan, tashkiliy-huquqiy shaklidan, boshqa yer uchastkasi bor yoki yo'qligidan qat'i nazar, barcha jismoniy va yuridik shaxslar (rezidentlar), shu jumladan, chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar ishtirok etishi mumkin

Yangi tizim doirasida elektron onlayn auksion g'olibi – ijaraga oluvchi Yer kodeksida belgilangan huquqlar va majburiyatlar bilan birga quyidagi huquqlarga ega bo'ladi, jumladan:

·       yer uchastkasidan 49 yil ijara huquqi asosida foydalanish;

·       qishloq xo'jaligi ekinlarining turlari, navlari va hajmlarini mustaqil ravishda belgilash;

·       yer uchastkasini ikkilamchi ijaraga berish;

·       dala chetida 20 sotixdan ko'p bo'lmagan, qishloq xo'jaligiga xizmat ko'rsatuvchi obyektlarni joylashtirish.

Yangi tizim birinchi bosqichda 2025-yil bahorgi ekish mavsumiga qadar quyidagi hududlarda tuman hokimliklari tasarrufida turgan, 2025-yil va undan keyingi yillar hosili uchun paxta va g‘alla ekinlarini yetishtirish nazarda tutilmagan bo‘sh turgan yer uchastkalarida joriy etiladi:

·       Qoraqalpog‘iston Respublikasining Beruniy, Nukus va Qo‘ng‘irot tumanlarida jami 1 207,8 gektar yer maydonida;

·       Andijon viloyatining Andijon, Asaka, Baliqchi, Buloqboshi, Bo‘ston, Jalaquduq, Izboskan, Marhamat, Oltinko‘l, Paxtaobod, Xo‘jaobod, Shahrixon va Qo‘rg‘ontepa tumanlarida jami 629,7 gektar yer maydonida;

·       Jizzax viloyatining Arnasoy, Paxtakor, Zarbdor, Sharof Rashidov, Mirzacho‘l va Zafarobod tumanlarida jami 511,7 gektar yer maydonida;

·       Toshkent viloyatining Yangiyo‘l va O‘rta Chirchiq tumanlarida jami 953,8 gektar yer maydonida;

·       Farg‘ona viloyatining Yozyovon tumanida 13,6 gektar yer maydonida.

Manba: PF–18-son, 03.02.2025-y.