Sayt test rejimida ishlamoqda...

Vazir Xivada yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazdi

Xorazm   2024-06-21   Aziza Mingbaeva

Bugungi kunda yangi Oʻzbekiston yoshlariga har tomonlama eʼtibor va gʻamxoʻrlik koʻrsatish mamlakatimizda olib borilayotgan davlat siyosatining eng muhim va ustuvor yoʻnalishiga aylanmoqda.


Bu jarayonda oʻz taqdiri va kelajagini Vatanimiz taqdiri va istiqboli bilan uzviy bogʻliq holda koʻradigan, shu yoʻlda har qanday sinov va mashaqqatlarni yengib oʻtishga, jasorat va matonat koʻrsatishga tayyor boʻlgan, zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni chuqur egallagan oʻgʻil-qizlarimiz safi tobora kengayib borayotganini alohida taʼkidlash lozim.


Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan, 2017-yildan e’tiboran har yili 30-iyun –“Yoshlar kuni” sifatida keng nishonlanishi ham aynan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalash, ularni mamlakatda amalga oshirilayotgan siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy islohotlarning faol va bevosita ishtirokchisiga aylantirish kabi yod g‘oyalar bilan yo‘g‘rilgani rost.


🇺🇿Binobarin, bugun Xorazm viloyatida amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonovning viloyat yoshlari bilan uchrashgani ham bejiz emas.


Yoshlar bilan samimiy suhbat davomida Ibrohim Abdurahmonov ilm-fan yutuqlarining nafaqat jamiyat hayotida, balki mamlakat taraqqiyotida tutgan o‘rni, yurtimizda yoshlarning ilm olishlari, innovatsion g‘oyalar va startaplarni ishlab chiqish uchun barcha shart-sharoitlar yaratish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani haqida o‘zining ilmiy faoliyati va orttirgan tajribalaridan kelib chiqqan holda so‘zlab berdi.


Yosh avlodning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish va bandligini taʼminlash, kasb-hunarga oʻrgatish va ish bilan taʼminlash, ularga eʼtibor va gʻamxoʻrlik koʻrsatish, qoʻllab-quvvatlash, borasidagi amaliy ishlarning navbatdagisi samimiy muloqot tarzida kechdi.


Eng asosiysi bugungi kun yoshlari biyron, o‘ta zukko. Ingliz tilida vazir bilan ravon muloqotga kirishar ekan, o‘z oldiga qo‘ygan maqsad va strartap loyihalarini baralla bayon qila oldilar. Ular bugun mas’ullarga talabni ham qo‘ya oladigan shiddatli, hayotda o‘z yo‘li va so‘zi bor kelajak umidlari deb aytish mumkin.


Albatta, jamiyatning eng katta taʼsirchan kuchi sifatida bugun yurtimiz yoshlari davlatimizda olib borilayotgan keng islohotlar jarayonida faol ishtirok etishmoqda, vatanimiz taraqqiyotini taʼminlash yoʻlida oʻz gʻoya va takliflari bilan maydonga chiqmoqda. 


Asosiy mavzusi ilm-fan va ilmiy izlanishlar, innovatsion ishlanmalarga bag‘ishlangan uchrashuv savol – javoblarga boy bo‘ldi. Izlanuvchan yoshlar ilm o‘rganish, o‘z tanlagan kasbi bo‘yicha tinimsiz izlanishlar olib borib, nafaqat yuksak natijalarga erishish balki mamlakat ilm-fani taraqqiyotiga hissa qo‘shish insonning jamiyatdagi o‘rnini ham belgilab berishiga yana bir bor amin bo‘lishdi.


Bir so‘z bilan aytganda, xorazmlik yoshlarning qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov bilan uchrashuvi ularning o‘z izlanishlarini davom ettirishlari va yangidan-yangi yutuqlarni qo‘lga kiritishlari uchun o‘ziga xos motivatsiya vazifasini o‘tadi.


Zero, yoshlar vatanimizning ertangi umidlari, kelajagimiz davomchilaridir. Shu maʼnoda ularning orzu-intilishlari va hayotiy maqsadlarini amalga oshirish, mustahkam qanot boʻlish bugungi kundagi katta va hayotiy maqsadga aylanmogʻi lozim. Mazkur tashrif bu borada muhim amaliy qadam boʻlib xizmat qilishi, shubhasiz.