Sayt test rejimida ishlamoqda...

"O‘zdavyerloyiha" instituti — xalqaro yer boshqaruvi muloqotida

Xalqaro hamkorlik   2026-09-09   Aziza Mingbaeva

Yer — bu shunchaki hudud emas. U oziq-ovqat xavfsizligi, qishloq xo‘jaligi taraqqiyoti, ekologik barqarorlik va hududlarning kelajagini belgilovchi strategik resursdir. Aynan shu masalalar bugun LANDNET 17-xalqaro seminari doirasida dunyoning turli mamlakatlaridan tashrif buyurgan mutaxassislar tomonidan muhokama qilinmoqda.

FAOning Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqaviy idorasi ko‘magida tashkil etilgan tadbir 50 dan ortiq mamlakatdan 150 nafargacha ishtirokchini bir maydonga jamladi.

Seminarda yerga kirish imkoniyatlari, yer islohoti, yerlarni boshqarish, yerlarni birlashtirish, yer banklari, genderga sezgir yer siyosati, shuningdek, inqiroz sharoitida yer boshqaruvi tizimlarining barqarorligini ta’minlash kabi dolzarb yo‘nalishlar muhokama qilinmoqda.

“O‘zdavyerloyiha” delegatsiyasi ham ushbu xalqaro muloqotda faol ishtirok etmoqda. Mazkur ishtirok O‘zbekistonning yer resurslarini boshqarish va yer tuzish sohasidagi tajribasini xalqaro ekspertlar hamjamiyatiga taqdim etish, ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganish hamda yangi hamkorlik imkoniyatlarini rivojlantirish uchun muhim maydon yaratmoqda.

Bugungi xalqaro muloqot — ertangi samarali yechimlar uchun zamin.


“O‘zdavyerloyiha”ning bunday nufuzli professional platformalardagi ishtiroki esa mamlakatimizda yer resurslarini boshqarish sohasining xalqaro tajriba va zamonaviy yondashuvlar bilan uyg‘un rivojlanishiga xizmat qiladi.