Sayt test rejimida ishlamoqda...

“Shinjon texnologiyasi” va zamonaviy agrotexnologiyalar paxtachilikda yuqori hosildorlikka xizmat qilmoqda

Viloyatlar   2026-07-09   Aziza Mingbaeva

Mamlakatimizda paxtachilik sohasida ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, ilmiy yondashuv va zamonaviy agrotexnik tadbirlar asosida yuqori hosildorlikka erishish bo‘yicha izchil ishlar olib borilmoqda. Joriy yilda “Shinjon texnologiyasi” asosida 76/10 ekish sxemasida ekilgan g‘o‘za maydonlaridan 100 sentnergacha hosil olish prognoz qilinmoqda.


Kutilayotgan yuqori natijalarga agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish, ilmiy tavsiyalar hamda zamonaviy texnologiyalarni uyg‘un qo‘llash orqali erishilmoqda. Bu jarayonda purkagich dronlardan foydalanish alohida ahamiyat kasb etmoqda.


Bir kunda 60 gektargacha maydonga ishlov berish imkoniyatiga ega bo‘lgan uchuvchisiz uchish apparatlari yordamida g‘o‘za maydonlarida himoya tadbirlari, mineral oziqlantirish va boshqa agrotexnik ishlar qisqa muddatlarda, yuqori aniqlik bilan amalga oshirilmoqda.


🇺🇿Mazkur texnologiyalarning amaliy samaralarini Samarqand va Jizzax viloyatlaridagi paxta maydonlarida ham kuzatish mumkin. Xususan, Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanidagi “Paxtakor” massivida joylashgan Azimxon Rizonov fermer xo‘jaligining 32 gektar paxta maydonlarida, shuningdek, Jizzax viloyati hududlaridagi g‘o‘za dalalarida “Shinjon texnologiyasi” asosida agrotexnik jarayonlar izchil olib borilmoqda.


Purkagich dronlardan samarali foydalanish hisobiga ekinlarga o‘z vaqtida ishlov berilib, paxta yetishtirish jarayonlarining tezkorligi, aniqligi va samaradorligi oshirilmoqda. Bu esa zamonaviy texnologiyalar, ilmiy yondashuv va ilg‘or tajribalar asosida yuqori hosildorlikka erishishning muhim omillaridan biri bo‘lib xizmat qilmoqda.